пятница, 5 февраля 2016 г.

Futbol g`aroyibotlaridan bir shingil…



Odamning aqlini shoshiruvchi vaziyatlar futbolning ajralmas qismi. Ba`zi ma`lumotlarni eshitib, bo`lishi mumkin emas deb yuboramiz. Ammo, hayot ham, futbol ham noodatiy hodisalar bilan qiziqarli. Keling, futbol olamida ro`y bergan g`ayrioddiy 10 ta hodisa bilan tanishamiz!
---
1 . 50-yillar oxirlarida Italiyada g`aroyib futbol o`yini o`tkaziladi. Ikki jamoa a`zolari ham hakamlardan iborat edi. Hammasi juda ajoyib kechayotgandi. Ammo jamoalardan biri darvozasiga bahsli gol kiritilganidan so`ng, hammasi teskari tus oldi. Har bir hakam-futbolchi zo`r berib, vaziyat haqida o`z fikrini bildirishga kirishib ketadi, qarabsizki voqea mushtlashuvga ulanib ketgan…
---
2. ,,Perudja” klubi prezidenti Luchiano Gauchchi germaniyalik Birgit Prinsni o`z jamoasiga taklif qiladi. Ammo, Italiya Futbol Ittifoqi rahbari Franko Karraro bu ishga qonuniy yo`l bilan qarshilik qiladi. Gap shundaki, Prins ayol edi!  FIFA qonunlarida esa ikki jins vakillari alohida o`ynashlari shart ekanligi belgilab qo`yilgan. Qiziq, janob Gauchchini Birgitning o`yini rom qildimikan, yoki go`zal husn-u jamoli?!
---
3. Futbol qiroli Pele janoblari nafaqat futbol bilan, balki kino, musiqa bilan ham bir paytda shug`ullangan. Uning birinchi xotini Roze-Meri esa bunga qarshi chiqib, eri faqat futbol bilan shug`ullanishini talab qilavergan. Buning sababi esa juda oddiy: Futbol sohasida Pele faqat erkaklar bilan muloqot qilar edi! Kino, musiqa sohalarida esa ayollar ancha gavjum. Jim turib jonidan sevadi ayol, Ayollar yomon…
---
4. Londondagi futbol muzeyida g`aroyib eksponatlarni ham uchratish mumkin. Ulardan biri darvoza ustuni. Ananalarga sodiq inglizlar uchun bu eksponat juda qadrli. 1966-yilgi mundial doirasidagi Angliya – Germaniya o`yinida inglizlar kiritgan gollardan biri tarixdagi eng bahsli vaziyatlardan biri hisoblanadi. O`sha bahsli to`p shu darvozaga kiritilgan va inglizlar finalga yo`l olishgandi. Essiz, agar janob Nishimura Toshkentda Eron darvozasiga kiritilgan Odil Ahmedovning golini inobatga olganda, biz ham butun boshli darvozani ko`chirib, muzeyga olib kirib qo`yarmidik…
G`aroyib eksponatlardan yana biri bu ikkita oltin tanga. Undan ,,Sheffild” murabbiyi juda unumli foydalangan. Futbol o`ynala boshlangan ilk vaqtlarda qatnashchilar hadeb to`pga qo`l bilan teginaverishardi. Aqlli murabbiy shogirdlari qo`liga tangalarni berar, oltin tangani yo`qotib qo`yishni istamaydigan shovvozlar o`yin oxirigacha to`pga qo`l bilan teginishmasdi. Lekin unutmaylik, futbolda qo`l ishlatilmaydi desangiz, qattiq yanglishasiz! Buni men emas, Maradona va Suareslar aytishmoqda…
---
5. Mashhur nemis yozuvchisi Gyunter Grass 1974-yil iyunda qiyin ahvolga tushib qoladi. Sababi o`sha kuni jahon chempionati doirasida Germaniya Federativ Respublikasi va Germaniya Demokratik Respublikasi bahs olib borishi kerak edi.
2006-yilgi Jahon Chempionatida esa bunday murakkab holatga Sven Yoran Errikson tushib qoladi. Guruh bosqichida Angliya va Shvetsiya jamoalari o`zaro to`qnash keladi. Inglizlarni boshqargan janob Errikson esa insoniylik nuqtayi nazaridan madhiyalar yangrovchi marosimda qatnashishdan bosh tortadi!
---
6. ,,Yuventus” futbol klubi rahbariyati adashib bir safar katta o`lchamdagi futbol liboslariga buyurtma berib yuboradi. Futbolchilar bu kiyimlarni kiyib yugurganlarida orqa taraflarida bukriga o`xshash ko`tarilgan joy paydo bo`lib qolardi. Muxlislar futbolchilarga darrov laqab topishadi: KVAZIMODO!
---
7. Butan chempionatining 2013-yilgi mavsumida jamoalarning barchasi poytaxt shahar Tximpxu sharafini himoya qiladi. Futbol tarixida bu qadar markazlashuv haqida umuman eshitmagansiz, to`g`rimi? ,,Oqtepa”, ,,Oqtepa”, nega o`tish o`yinida yutqazding-a?!
---
8. Angliya - Argentina , Rossiya – Yaponiya terma jamoalari o`rtasidagi bahsda arab sharhlovchilari negadir ,,al-jaziyra” ya`ni ,,orol” so`zini bir necha bor tilga olishadi. Sharhdagi bu so`z siyosatga taalluqli ekanligi keyinroq ma`lum bo`ladi. Angliya va Argentina Folklend orollari uchun, Rossiya va Yaponiya Kurill orollari uchun o`zaro kurash olib borgani tarixdan ma`lum!
---
9. 50-yillar oxirida ,,Yurgorden” yoshlar jamoasi darvozaboni o`ziga xos rekord o`rnatadi. Jamoasi 18:0 hisobida g`alaba qozongan bu o`yinda darvozabon biron marta to`pga teginmaydi. Statistika shaydolari bizning Oliy Ligadagi grandlarning autsayderlarga qarshi o`yinini hech tomosha qilmagan shekilli…
Yuqoridagi holatga teskari bir voqeaga to`xtalamiz. Riding shahri havaskorlar jamoasi sharafini himoya qiluvchi darvozabon Jimmi Teylor mavsumning 27 o`yinida o`z darvozasi to`ridan 456 ta to`p olib chiqadi. Har bir o`yinga o`rtacha 17 ta gol to`g`ri kelmoqda. Biz esa 6 tagina gol o`tkazib yuborgan Temur Jo`rayev ustidan kulib yuribmiz!
---
10. Braziliyaning Portu-Alegri shahrida bo`lib o`tgan voqea trillerning o`zginasi. O`yin tugagacha to`lqinlanib turgan muxlislar maydonga yugurib chiqib, hakam tomon yo`l olishadi. Hakam esa kiyim almashtirish xonasiga qarab juftakni rostlaydi. Muxlislar ta`qibi davom etardi. Hakam xonani qulflab oladi. Muxlislar eshikni sindirib ichkariga kirishadi. Hakam burchakka tiqilib olgancha, taqdirga tan beradi. Shu payt… muxlislar unga o`yinni yaxshi boshqargani uchun tashakkur ayta boshlashadi.
(Davomi bor)

четверг, 4 февраля 2016 г.

KATTA RAHMAT, AVAZ OXUN!!!




Odamlar kutaveradi. Yangi Pelelar, yangi Jon Lennonlar, yangi Bryus Lilarning tug`ilishini kutaveradi. Umri yetguncha kutadi, chunki o`sha kutilayotganlar shunga munosib. Bizning xalqimizning ham o`z kutadiganlari bor: Yangi Tamaraxonimlar, yangi Ma`murjon Uzoqovlar, Komiljon Otaniyozovlarni kutamiz. Ularning qadri va o`rni bo`lak. Lekin so`nggi yillardagi shaxsiy kuzatishimdan kelib chiqib, xulosamni aytaman: xalqimiz bir insonni juda intiqlik bilan sog`ina boshladi.,, Qani edi tirik bo`lganida”, ,,U boshqacha edi-da” degan gaplarimiz ko`payib ketdi. Yoshlar chiqib, kulguni balchiqqa botira boshlaganida qattiq o`kindik. ,,U tirik bo`lganida kulgu bunchalar xor bo`lmasdi” dedik. U QAYTMOQDA!!! Hojiboy Tojiboyev qaytmoqda! Faqat Avaz Oxun timsolida…

Keling, boshidan boshlaymiz. Hojiboy Tojiboyev vafot etganlaridan keyin xalqni kuldirish borasidagi eng asosiy yuk ,,Mirza” teatri zimmasiga tushishi kerak edi. So`nggi yillardagi konsert dasturlarini kuzatar ekanman, bu vazifa sharaf bilan uddalandi deyolmayman. Ba`zi hazillarda esa parda umuman ko`tarilib ketganiga guvoh bo`ldim. Bo`lmadi.

,,Handalak” guruhining ijodi esa nazarimda sustlasib borayotgandek. Bir necha yillar oldingi  yuqori reyting shunga yarasha pasaydi. Saviya bor, hajv bor, ammo avvalgi ,,Handalak” yo`q. Yana bo`lmadi.

Buyog`iga yangi davr boshlandi. ,,Million” boshlab berdi. Guruh yetarlicha tanqid qilindi. Men hozir bu masalaga to`xtalmoqchi emasman. Afsuslanadiganim, yaxshi boshlashgandi. Ikkinchi konsertda esa ,,beldan past” mavzuga berilgan urg`u me`yoridan oshib ketdi. 

,,Dizayn” haqida esa iliq fikr aytish juda mushkul. Eng yomoni, so`nggi konsertdagi maktab o`qituvchisining, ayol kishining yer bilan yakson qilinishi, ustiga istalgancha mazg`ava ag`darilishi bo`ldi. Maktab, kollej, litseydagi o`smirlar shu sahna ko`rinishidan o`zlariga yomon ibrat olganlariga bir necha bor guvoh bo`ldim. Ming afsus… Umuman bo`lmadi.

Shunday kunlarning birida yorqin va esda qolarli chiqish sodir bo`ldi. Avaz Oxun kutilmaganda (hech kim bunday yorqin chiqishni kutmaganligini konsert zalining ko`p qismi bo`sh ekanligidan bilish mumkin) portlashni amalga oshirdi. Har bitta hazil yod bo`lib ketdi. Men konsertni ilk marta tomosha qilayotganimda oxirigacha chidolmaganman. Kulaverib, charchab qolgandim. Bo`lib-bo`lib tomosha qildim, qayta-qayta tomosha qildim. Hojiboy Tojiboyev konsertini tomosha qilgandek bo`ldim! O`sha kuniyoq bir narsani aniq bilgandim: Keyingi konsert ,,Istiqlol” san`at saroyida bo`ladi va zal liq to`ladi! 

Yaqinda ikkinchi konsertning diskini ko`rdim va shu masalaga alohida to`xtalmoqchiman. Menda bir necha xavotirlar bor edi. 

Birinchidan, cho`qqiga chiqish amalga oshirsa bo`ladigan ish, ammo cho`qqida turish juda murakkab ish! Birinchi konsertdagidan ko`prog`ini kutishlari aniq edi. Menimcha, Avaz Oxun buni uddaladi. Butun boshli dastur davomida zal bir xil haroratda tutib turildi. Bu oson ish emas. Ba`zi hazillar avval ham yangragan ekan. Atrofimdagi tomoshabinlar asosan shu masalaga e`tibor qaratdi. Lekin bu kamchilik hali albatta yopiladi. Boshlanishi doim qiyin axir. Xulosa qilsam, Avaz Oxun missiyani bajardi. Endi menda yangi xavotir bor: Avaz Oxunning uchinchi konserti avvalgi ikkisini ham bosib keta oladimi?

Ikkinchidan, birinchi konsertdagi hazillar mavzu originalligi bilan ajralib turgandi. Ikkinchi konsert uchun ham original va xalqona mavzular topish ma`suliyatini Avaz Oxun yaxshi his qilibdi. Restoranlardagi otning kallasidek narxlar,kundalik turmushimizdan chuqur o`rin olgan telefon, qishloqdagi yoshlarning sevgi maktubi, ayollarning hushini o`g`irlagan seriallar, qo`shiqchilik san`ati, futbol, kasb kasali kabi mavzulardagi ajoyib hazillar bu safargi konsertni bezab berdi. Kulminatsiya esa so`zsiz yana bir marta haydovchilar mavzusi! 

Bir narsani darrov payqaysiz, Avaz Oxun hazillarida samimiy ruh ufurib turibdi. Uning hazili birovni kamsitish hisobiga bizni kuldirmaydi. Hajv ostiga olingan insonlarning o`zi ham maza qilib kuladi bu gaplarga. Mana buni haqiqiy kulgu deydilar. Bu Hojiboydan bizga meros qolgan kulgu!  

Katta rahmat Sizga, Avaz Oxun! Odamlarni kuldiradigan mavzu qolmagan. Ularni hozir ,,beldan past” va reallikdan uzoq hazillar bilan kuldirish mumkin deb o`zini oqlab yurgan chala qiziqchilarning nohaqligini isbotlaganingiz uchun KATTA RAHMAT!

Katta rahmat Sizga, Avaz Oxun! Ota-onam bilan, singillarim bilan birga o`tirib tomosha qilish mumkin bo`lgan konsert berganingiz uchun KATTA RAHMAT!  

Katta rahmat Sizga, Avaz Oxun! Tag ma`nosi tubanlikka yetaklovchi, oila davrasida eshitish imkonsiz bo`lgan hazillarni o`zingizga ep ko`rmayotganliginigiz uchun KATTA RAHMAT!

Katta rahmat Sizga, Avaz Oxun! Hojiboy Tojiboyevni xalqqa qaytarganingiz uchun KATTA RAHMAT!

Maqolalarda odatda yechim bo`ladi. Bugungi yechim esa juda oddiy: Ijoddan to`xtamang! Doimo sog` va omon bo`ling, Avaz Oxun!

среда, 3 февраля 2016 г.

O`zini va o`zgalarni o`zgartirgan Deyl Karnegi




XX asrning eng muvaffaqqiyatli shaxslaridan biri. Uning kitoblari insonlar uchun o`ziga xos hayot darsligiga aylanib ketgan. Inson psixologiyasini qunt bilan o`rgangan Karnegining eng ustun tarafi hayot haqiqatlarini oddiy va sodda qilib tushuntirib bera olganidir. Bugungi maqolamiz orqali Deyl Karnegi shaxsi bilan yanada yaqinroq tanishib olasiz degan umiddamiz.
Karnegi 1922-yilda muhim bir ishga qo`l urgan. Keyinchalik o`zini mashhur magnat Endryu Karnegi bilan adashtirmasliklari uchun o`z familiyasini o`zgartiradi. Shundan beri hujjatlarda Carnagey ning o`rnini Carnegie egalladi.
Amerika jamiyatshunoslarining 50-yillardagi tadqiqoti qiziq xulosa beradi. Odamlar tishlarining oqligiga jiddiy e`tibor bera boshlaydi. O`sha davr Amerika hayotining muhim bir qismiga aylangan TABASSUM buning sababchisi edi. Amerikaliklarning tabassum qilishga bunchalik mukkasidan ketishi esa Deyl Karnegiga borib taqaladi. ,, U hech qancha turmaydi, ko`p narsaga qodir emas. U hadya qilingan odam boy bo`ladi, hadya qilgan odam esa kambag`allashib qolmaydi. Uning davomi bir lahza, ammo xotiramizda abadiyga qoladi. Uni sotib olish, so`rab olish, qarzga olish, o`g`irlab olish behuda. Chunki u chin dildan taqdim etilgandagina qadrli”. Yozuvchi TABASSUM shunday go`zal ta`rif bergan. O`z asarlarida ham shunga undagan.
Deylning rafiqasi Dorotini chinakam hammaslak desak arziydi. U ham xo`jayini kabi psixoloiya masalalariga bag`ishlangan ko`plab kitoblar muallifidir. Ulardan birining nomini o`qib xulosa qilavering: ,,Qanday qilib erkakning ishda muvaffaqqiyatga erishishiga yordam berish mumkin?”. Karnegi xonim mazkur savolga javobni topa olgani aniq!
Yozuvchi o`z yurtoshlariga shu maslahatni bergan: ,,Qiyin vaziyatda cho`ntagingizdan Linkolьn portretini oling va uni tomosha qiling!”. Gap shundaki, Avraam Linkolnning tasviri 5 dollarlik kupyurada uchraydi. Pulga tikilish, uni sanash insonga kuch bag`ishlashi bor gap.
Deyl Karnegi uzoq kuzatishlardan so`ng shunday xulosaga kelgan: ,,Nutqda uchta narsa muhim: Kim gapiryapti, qanday gapiryapti, nimani gapiryapti. Eng hayratlanarlisi, bularning ichidagi eng kam ahamiyatlisi nimaning gapirilayotganidir!”. Moddiyat ko`p hollarda asosiy o`ringa chiqishi insoniyat psixologiyasiga xos jihat. Afsuski, shunday …
  Karnegidan iqtibos: ,,Tanqid pochtachi kabutarga o`xshaydi. Qachondir albatta qaytib keladi!”. Kimnidir ayovsiz tanqid qilishdan oldin shu fikrni eslab qo`ysak, zarar qilmaydi.
 Karnegi fikricha, inson boshiga tushuvchi ko`plab ko`ngilsizliklarning katta qismi ,,YO`Q” degan so`zni o`z vaqtida aytmaslik tufayli kelib chiqadi.
Deyl Karnegidan aforizm: ,, Tortishuvlarda g`olib chiqishning yagona yo`li bor – tortishuvlardan qochish!”
Deyl Karnegi vatanparvar inson edi. ,, Amerikalik har bir erkak to`rtta sanani yodida saqlashi kerak. Rafiqasining tug`ilgan kuni, to`y kuni, Amerika ochilgan kun, AQSh ning mustaqillik kuni”. Bundan tashqari o`z telefon raqamida 1492 (Amerika kashf etilgan yil) sonlar ketma-ketligi borligidan faxrlanardi.
24-noyabr AQSh da Do`stlar kuni sifatida bayram qilinadi. O`sha kuni kitob do`konlarida Deyl Karnegining kitoblari savdosi avjiga chiqadi. Birinchidan, Karnegi shu sanada tavallud topgan. Ikkinchidan, ,, Qanday qilib do`st orttirish va odamlarga ta`sir o`tkazish” nomli juda mashhur kitobning muallifidir.
Karnegi fikricha nutqni yetti xil usul bilan tugatish mumkin: ma`lum vaziyatga qaytarish, harakatga undash, tinglovchini maqtash, kuldirish, she`riy parcha keltirish, muqaddas kitoblardan misol keltirish, kulminatsiya hosil qilish.
Biz ham shu bilan maqolamizga yakun yasaymiz. Omon bo`ling!!!

https://kun.uz/2016/02/02/mashhurlar-hayotidan-ozini-va-ozgalarni-ozgartirgan-deyl-karnegi/
 
Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!

MASHHURLAR HAYOTIDAN: LEONID GAYDAY VA SHURIK BITTA ODAMMI?




,, Qisqaroq qiling. Sklifasovskiy”, ,,Ishlamagan tishlaydi. O`rgan, student!”, ,,Imtihon men uchun hamisha bayram”. Mazkur jumlalar hammamizga yod bo`lib ketgan. Leonid Gayday filmlari ijodiy topilmalarga shu qadar boyki, qancha tomosha qilsang, yangilik topaverasan. Bugungi maqolamizda daho rejissor hayoti va ijodiga nazar tashlaymiz.
Gayday yoshlik paytida uy qurilishida qatnashgan, vaqti kelib talaba bo`lgan, urush vaqtida dushmanlarni asirga olgan. Tanish manzaralar, shundaymi? ,,I operatsiyasi” filmining uchchala qismi ham Gayday hayotiga juda yaqin. Lavhalarning ba`zilarini u o`z hayotidan olgan. Masalan, ,,Sheriklar” novellasida ta`zirini yegan Fedya hamma ishga ,,Men” deb javob qaytargan sahna. Urush vaqtida Gayday frontga rosa oshiqqan. Harbiy komissar qismga kelib, askarlarni urushga olib ketish uchun suhbat uyushtiradi:
-          Kavaleriyaga!
-          Men!
-          Artilleriyaga!
-          Men!
-          Piyoda qo`shinlarga!
-          Men!

Komissar Gaydayga yuzlanadi: ,, Sabr qilsangizchi! Ro`yxatni oxirigacha o`qib olay!”. Gayday hayotidagi bu hodisa keyinchalik filmga kiritiladi va millionlab odamlar miyasiga muhrlanadi.
,,Brilliant qo`l” komediyasidagi Gorbunkovning sirg`alib yiqilishi sahnasi esingizdadir. Avvaliga bu lavha uchun o`sha paytlarda juda noyob bo`lgan banan mevasini sotib olishadi. Lekin lavha o`xshamay qoladi. Ilojsiz qolgan ijodiy guruh biz bilgan lavhani tarvuz yordamida amalga oshirishganini endi yaxshi bilasiz.
,,Sheriklar” filmida ikki safar ham ,,Naryadning hammasini o`qib ko`ringchi” – deydigan piyonista rolini Gaydayning o`zi o`ynagan. Bundan tashqari ,,Kavkaz asirasi” komediyasidagi Nikulinning oyoq qashlash sahnasida odeyol tagida Gayday bor bo`lgan deyishadi. Ba`zilar esa buni liliput amalga oshirgan deydi. 

Rejissorning rafiqasi – Nina Grebeshkova ham kinodan uzoq emasdi. U mashhur komik aktrisa bo`lib, ,,Brilliant qo`l” filmida Gorbunkovning turmush o`rtog`i rolini gavdalantirgan. Aynan Ninaning aytishicha, Gayday Shurik obrazida o`zini tasvirlagan!
Gayday ,,Brilliant qo`l” filmining yakuniga yadro bombasining portlash sahnasini joylashtiradi. Komissiya bu lavhani olib tashlanishini talab qiladi. Rejissor bunga rozi bo`ladi. Lekin komissiya buning evaziga Gaydayning talabini bajarishga majbur bo`ladi: Filmning boshqa hech bir lavhasiga teginilmaydi! Gayday o`z filmini shu ayyorlik orqali tahdidlardan saqlab qolgan.
Leonid Gayday mashhur shoir Mixail Svetlov ijodining ixlosmandi edi. O`z filmlarida uning she`rlaridan umuman foydalanmagan. Lekin baribir unga bo`lgan ixlosini kino tarixiga muhrlagan. ,,Brilliant qo`l” filmidagi teploxod nomi Gaydayning xohishi bilan ,,Mixail Svetlov” deb qo`yilgan.
,,Brilliant qo`l” komediyasidagi baliq ovlash sahnasi kinotanqidchilarga u qadar ma`qul kelmagan va bu sahnani qisqartirishni so`rashgan. Gayday esa yana bir bor o`z topag`onligini namoyish qilgan. Doimo hamkorlik qiluvchi bastakori Zatsepinga murojaat qilib, tez ohangli musiqa yozish kerakligini uqtiradi. Bu musiqani baliq ovlash sahnasiga joylashtirishadi. Qizig`i, tezkor ohangli musiqa qo`shilgan lavhani qaytadan tomosha qilgan tanqidchilar o`z talablari bajarilganidan boshi osmonga yetadi…  

Leonid Gayday ijod namunalarining ingliz tilidagi nomlanishi ham qiziq. ,,Kavkaz asirasi” filmini ,,Kidnapping, Caucasian style” deb tarjima qilishgan. ,,Kidnapping” –
,,Ivan Vasilyevich o`z kasbini o`zgartiradi” kinokomediyasining yangi nomi esa boshqa bir mashhur film nomi bilan hamohang: ,, Back to Future” (,,Kelajakka qaytib”).
Hozirgacha sevib kuylanuvchi ,,Ayiqlar haqida qo`shiq” taronasi dastavval Gaydayning tanqidiga uchragan. ,,Voqealar yozda sodir bo`layotgan bo`lsa, ayozga nima bor, axir?! Bunday qo`shiqni xalq kuylamasligi aniq”. Vaqti kelib Gayday yanglishganini tan olgan deyishadi.
,,9-rota” filmini ham tomosha qilgansiz. Sovet askari afg`on qishlog`iga kelganda eshakka duch keladi. Bu eshak Gaydayning ,,Kavkaz asirasi” da suratga tushgan, Shurikning sarguzashtlariga hamrohlik qilgan o`sha mashhur jonivor edi!
,,Yashash, men sizlarga aytsam, yaxshi. Yaxshi yashash yana ham yaxshi. Yashang”, aziz o`quvchi. Omon bo`ling!!!

 https://kun.uz/2016/02/01/mashhurlar-hayotidan-leonid-gayday-va-shurik-bitta-odammi/

Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!