воскресенье, 31 января 2016 г.

MEN KIMMAN?

Bu Jeki Channing filmi emas, filmni ko`rmaganman to`liq. Lekin Chan akaning bir jihatiga tan beraman. U ishtirok etgan filmlarda vahshiylik va behayolikni targ`ib qiluvchi sahnalar yo`q. U o`ynaydigan filmlar shu ikki omilni o`z ichiga olishi kerak, odatda. Ammo Jeki bunga yo`l qo`ymagan. Bugun balki shu uchun uni qattiq hurmat qilishar.
Xulosa: Nasib qilsa, bu blogda ham shu ikki illatdan, kimnidir kamsitishdan yiroq bo`lamiz.
Keling mavzuni uchga bo`lamiz: SABAB, MAQSAD, NATIJA!
SABAB. Nega shu blog ochildi? Men hali blog ishlatishda juda tajribasizman. Bu maqola birinchisi. Blogni qancha muddat ishlatishim, qachongacha sabrim yetishi ham hali noma`lum. Lekin bir narsa aniq: Men blog yuritishga ruhan tayyorman. Eng katta sabab shu. Mening ilhom pariyim uzoq safardan qaytib keldi. Hozir ijod qilish mahali. Bu blog orqali esa ijod na`munalarini Siz aziz o`quvchi bilan baham ko`rish imkoni bor. Bir necha yil oldin jurnalistik mahorat maktabida tahsil olgandim. O`sha kezlari ham hozirga o`xshab tinmay yozgim kelardi. Mavzu bo`lmasa ham. Yozaverardim, yozaverardim. Yozganlarimning ko`pchiligi o`chog`imizda o`z umriga yakun yasagan. Chunki o`sha paytlari yozganlarimning saviyasi ancha past edi. Yoqib yuborganimda ham achinmaganman. Bugun esa menda yetarlicha tushuncha va uslub shakllanib ulgurdi. O`quvchi nimani xohlashi, nima yozsam, meni tanqid qilishlari borasida qarashlarim bor.
Xulosa: Ijod qilish payti keldi va bundan maksimal foyda chiqarishga harakat qilaman!
MAQSAD. Tan olaman, bloggerlar o`rtasida o`tkaziluvchi turli tanlovlarda qatnashish muhim maqsadlardan biri. Bu sinov, bu yangi marralar va, albatta, yaxshigina daromad. Lekin men buni bosh maqsad deyolmayman. Agar blog faqat tanlovlar uchun ishlasa, quruq eksponatdan farqi qolmaydi. Bosh maqsad: Siz o`quvchiga kerak va qiziq bo`lgan mavzularga qo`l urish, ularni yetarlicha yoritish. Agar shu maqsad bajarilsa, qolgani o`z-o`zidan amalga oshaveradi. Oldindan aytishim mumkin, keyingi maqolalar qanday uxlab turganim-u, nonushtaga nima yeganim haqida bo`lmaydi. O`zimning hayotim bilan boshqalarni yaqindan tanishtirishni maqsad qilganimda boshqa yo`ldan borardim.
Xulosa: Har bitta maqolaga ma`suliyat bilan yondashishga harakat qilaman!
NATIJA. Bu joyga hozircha hech narsa yozmay turamiz. Biz yo`lning boshidamiz hali. Nasib qilsa, blog ochilganining bir yillik yubileyini nishonlayotganda xuddi shu holatdagi yana bitta maqola yozaman va NATIJA qismida ham nimadir yozaman. Maqola nomi ,,Men endi kimman?” bo`lar balki. Buni vaqt ko`rsatadi.
Ha aytgancha, ,,Men kimman?” savoliga qisqacha javob: Anorov Bahodir Qobiljon o`g`li. 22 yosh. Samarqandlik. Filolog va havaskor jurnalist! Bori shu!
Sezar aytganidek, ,,Qur`a tashlandi!”. Boshladik…