Odamning aqlini shoshiruvchi vaziyatlar
futbolning ajralmas qismi. Ba`zi ma`lumotlarni eshitib, bo`lishi mumkin emas
deb yuboramiz. Ammo, hayot ham, futbol ham noodatiy hodisalar bilan qiziqarli.
Keling, futbol olamida ro`y bergan g`ayrioddiy 10 ta hodisa bilan tanishamiz!
---
1 . 50-yillar
oxirlarida Italiyada g`aroyib futbol o`yini o`tkaziladi. Ikki jamoa a`zolari
ham hakamlardan iborat edi. Hammasi juda ajoyib kechayotgandi. Ammo jamoalardan
biri darvozasiga bahsli gol kiritilganidan so`ng, hammasi teskari tus oldi. Har
bir hakam-futbolchi zo`r berib, vaziyat haqida o`z fikrini bildirishga kirishib
ketadi, qarabsizki voqea mushtlashuvga ulanib ketgan…
---
2. ,,Perudja”
klubi prezidenti Luchiano Gauchchi germaniyalik Birgit Prinsni o`z jamoasiga
taklif qiladi. Ammo, Italiya Futbol Ittifoqi rahbari Franko Karraro bu ishga
qonuniy yo`l bilan qarshilik qiladi. Gap shundaki, Prins ayol edi! FIFA qonunlarida esa ikki jins vakillari
alohida o`ynashlari shart ekanligi belgilab qo`yilgan. Qiziq, janob Gauchchini
Birgitning o`yini rom qildimikan, yoki go`zal husn-u jamoli?!
---
3. Futbol
qiroli Pele janoblari nafaqat futbol bilan, balki kino, musiqa bilan ham bir
paytda shug`ullangan. Uning birinchi xotini Roze-Meri esa bunga qarshi chiqib,
eri faqat futbol bilan shug`ullanishini talab qilavergan. Buning sababi esa
juda oddiy: Futbol sohasida Pele faqat erkaklar bilan muloqot qilar edi! Kino,
musiqa sohalarida esa ayollar ancha gavjum. Jim turib jonidan sevadi ayol, Ayollar
yomon…
---
4. Londondagi
futbol muzeyida g`aroyib eksponatlarni ham uchratish mumkin. Ulardan biri
darvoza ustuni. Ananalarga sodiq inglizlar uchun bu eksponat juda qadrli.
1966-yilgi mundial doirasidagi Angliya – Germaniya o`yinida inglizlar kiritgan
gollardan biri tarixdagi eng bahsli vaziyatlardan biri hisoblanadi. O`sha
bahsli to`p shu darvozaga kiritilgan va inglizlar finalga yo`l olishgandi.
Essiz, agar janob Nishimura Toshkentda Eron darvozasiga kiritilgan Odil
Ahmedovning golini inobatga olganda, biz ham butun boshli darvozani ko`chirib,
muzeyga olib kirib qo`yarmidik…
G`aroyib
eksponatlardan yana biri bu ikkita oltin tanga. Undan ,,Sheffild” murabbiyi
juda unumli foydalangan. Futbol o`ynala boshlangan ilk vaqtlarda qatnashchilar
hadeb to`pga qo`l bilan teginaverishardi. Aqlli murabbiy shogirdlari qo`liga
tangalarni berar, oltin tangani yo`qotib qo`yishni istamaydigan shovvozlar
o`yin oxirigacha to`pga qo`l bilan teginishmasdi. Lekin unutmaylik, futbolda
qo`l ishlatilmaydi desangiz, qattiq yanglishasiz! Buni men emas, Maradona va
Suareslar aytishmoqda…
---
5. Mashhur
nemis yozuvchisi Gyunter Grass 1974-yil iyunda qiyin ahvolga tushib qoladi.
Sababi o`sha kuni jahon chempionati doirasida Germaniya Federativ Respublikasi
va Germaniya Demokratik Respublikasi bahs olib borishi kerak edi.
2006-yilgi
Jahon Chempionatida esa bunday murakkab holatga Sven Yoran Errikson tushib
qoladi. Guruh bosqichida Angliya va Shvetsiya jamoalari o`zaro to`qnash keladi.
Inglizlarni boshqargan janob Errikson esa insoniylik nuqtayi nazaridan
madhiyalar yangrovchi marosimda qatnashishdan bosh tortadi!
---
6. ,,Yuventus”
futbol klubi rahbariyati adashib bir safar katta o`lchamdagi futbol liboslariga
buyurtma berib yuboradi. Futbolchilar bu kiyimlarni kiyib yugurganlarida orqa taraflarida
bukriga o`xshash ko`tarilgan joy paydo bo`lib qolardi. Muxlislar futbolchilarga
darrov laqab topishadi: KVAZIMODO!
---
7. Butan
chempionatining 2013-yilgi mavsumida jamoalarning barchasi poytaxt shahar
Tximpxu sharafini himoya qiladi. Futbol tarixida bu qadar markazlashuv haqida
umuman eshitmagansiz, to`g`rimi? ,,Oqtepa”, ,,Oqtepa”, nega o`tish o`yinida
yutqazding-a?!
---
8. Angliya
- Argentina , Rossiya – Yaponiya terma jamoalari o`rtasidagi bahsda arab
sharhlovchilari negadir ,,al-jaziyra” ya`ni ,,orol” so`zini bir necha bor tilga
olishadi. Sharhdagi bu so`z siyosatga taalluqli ekanligi keyinroq ma`lum
bo`ladi. Angliya va Argentina Folklend orollari uchun, Rossiya va Yaponiya
Kurill orollari uchun o`zaro kurash olib borgani tarixdan ma`lum!
---
9. 50-yillar
oxirida ,,Yurgorden” yoshlar jamoasi darvozaboni o`ziga xos rekord o`rnatadi.
Jamoasi 18:0 hisobida g`alaba qozongan bu o`yinda darvozabon biron marta to`pga
teginmaydi. Statistika shaydolari bizning Oliy Ligadagi grandlarning
autsayderlarga qarshi o`yinini hech tomosha qilmagan shekilli…
Yuqoridagi
holatga teskari bir voqeaga to`xtalamiz. Riding shahri havaskorlar jamoasi
sharafini himoya qiluvchi darvozabon Jimmi Teylor mavsumning 27 o`yinida o`z
darvozasi to`ridan 456 ta to`p olib chiqadi. Har bir o`yinga o`rtacha 17 ta gol
to`g`ri kelmoqda. Biz esa 6 tagina gol o`tkazib yuborgan Temur Jo`rayev ustidan
kulib yuribmiz!
---
10. Braziliyaning
Portu-Alegri shahrida bo`lib o`tgan voqea trillerning o`zginasi. O`yin
tugagacha to`lqinlanib turgan muxlislar maydonga yugurib chiqib, hakam tomon
yo`l olishadi. Hakam esa kiyim almashtirish xonasiga qarab juftakni rostlaydi.
Muxlislar ta`qibi davom etardi. Hakam xonani qulflab oladi. Muxlislar eshikni
sindirib ichkariga kirishadi. Hakam burchakka tiqilib olgancha, taqdirga tan
beradi. Shu payt… muxlislar unga o`yinni yaxshi boshqargani uchun tashakkur
ayta boshlashadi.
(Davomi bor)
Комментариев нет:
Отправить комментарий