Odamlar
kutaveradi. Yangi Pelelar, yangi Jon Lennonlar, yangi Bryus Lilarning
tug`ilishini kutaveradi. Umri yetguncha kutadi, chunki o`sha kutilayotganlar
shunga munosib. Bizning xalqimizning ham o`z kutadiganlari bor: Yangi Tamaraxonimlar,
yangi Ma`murjon Uzoqovlar, Komiljon Otaniyozovlarni kutamiz. Ularning qadri va
o`rni bo`lak. Lekin so`nggi yillardagi shaxsiy kuzatishimdan kelib chiqib,
xulosamni aytaman: xalqimiz bir insonni juda intiqlik bilan sog`ina boshladi.,,
Qani edi tirik bo`lganida”, ,,U boshqacha edi-da” degan gaplarimiz ko`payib
ketdi. Yoshlar chiqib, kulguni balchiqqa botira boshlaganida qattiq o`kindik.
,,U tirik bo`lganida kulgu bunchalar xor bo`lmasdi” dedik. U QAYTMOQDA!!!
Hojiboy Tojiboyev qaytmoqda! Faqat Avaz Oxun timsolida…
Keling,
boshidan boshlaymiz. Hojiboy Tojiboyev vafot etganlaridan keyin xalqni
kuldirish borasidagi eng asosiy yuk ,,Mirza” teatri zimmasiga tushishi kerak
edi. So`nggi yillardagi konsert dasturlarini kuzatar ekanman, bu vazifa sharaf
bilan uddalandi deyolmayman. Ba`zi hazillarda esa parda umuman ko`tarilib
ketganiga guvoh bo`ldim. Bo`lmadi.
,,Handalak”
guruhining ijodi esa nazarimda sustlasib borayotgandek. Bir necha yillar
oldingi yuqori reyting shunga yarasha
pasaydi. Saviya bor, hajv bor, ammo avvalgi ,,Handalak” yo`q. Yana bo`lmadi.
Buyog`iga
yangi davr boshlandi. ,,Million” boshlab berdi. Guruh yetarlicha tanqid
qilindi. Men hozir bu masalaga to`xtalmoqchi emasman. Afsuslanadiganim, yaxshi
boshlashgandi. Ikkinchi konsertda esa ,,beldan past” mavzuga berilgan urg`u
me`yoridan oshib ketdi.
,,Dizayn”
haqida esa iliq fikr aytish juda mushkul. Eng yomoni, so`nggi konsertdagi
maktab o`qituvchisining, ayol kishining yer bilan yakson qilinishi, ustiga
istalgancha mazg`ava ag`darilishi bo`ldi. Maktab, kollej, litseydagi o`smirlar
shu sahna ko`rinishidan o`zlariga yomon ibrat olganlariga bir necha bor guvoh
bo`ldim. Ming afsus… Umuman bo`lmadi.
Shunday
kunlarning birida yorqin va esda qolarli chiqish sodir bo`ldi. Avaz Oxun
kutilmaganda (hech kim bunday yorqin chiqishni kutmaganligini konsert zalining
ko`p qismi bo`sh ekanligidan bilish mumkin) portlashni amalga oshirdi. Har
bitta hazil yod bo`lib ketdi. Men konsertni ilk marta tomosha qilayotganimda
oxirigacha chidolmaganman. Kulaverib, charchab qolgandim. Bo`lib-bo`lib tomosha
qildim, qayta-qayta tomosha qildim. Hojiboy Tojiboyev konsertini tomosha
qilgandek bo`ldim! O`sha kuniyoq bir narsani aniq bilgandim: Keyingi konsert
,,Istiqlol” san`at saroyida bo`ladi va zal liq to`ladi!
Yaqinda ikkinchi
konsertning diskini ko`rdim va shu masalaga alohida to`xtalmoqchiman. Menda bir
necha xavotirlar bor edi.
Birinchidan,
cho`qqiga chiqish amalga oshirsa bo`ladigan ish, ammo cho`qqida turish juda
murakkab ish! Birinchi konsertdagidan ko`prog`ini kutishlari aniq edi.
Menimcha, Avaz Oxun buni uddaladi. Butun boshli dastur davomida zal bir xil
haroratda tutib turildi. Bu oson ish emas. Ba`zi hazillar avval ham yangragan
ekan. Atrofimdagi tomoshabinlar asosan shu masalaga e`tibor qaratdi. Lekin bu
kamchilik hali albatta yopiladi. Boshlanishi doim qiyin axir. Xulosa qilsam,
Avaz Oxun missiyani bajardi. Endi menda yangi xavotir bor: Avaz Oxunning
uchinchi konserti avvalgi ikkisini ham bosib keta oladimi?
Ikkinchidan,
birinchi konsertdagi hazillar mavzu originalligi bilan ajralib turgandi.
Ikkinchi konsert uchun ham original va xalqona mavzular topish ma`suliyatini
Avaz Oxun yaxshi his qilibdi. Restoranlardagi otning kallasidek
narxlar,kundalik turmushimizdan chuqur o`rin olgan telefon, qishloqdagi
yoshlarning sevgi maktubi, ayollarning hushini o`g`irlagan seriallar,
qo`shiqchilik san`ati, futbol, kasb kasali kabi mavzulardagi ajoyib hazillar bu
safargi konsertni bezab berdi. Kulminatsiya esa so`zsiz yana bir marta
haydovchilar mavzusi!
Bir narsani
darrov payqaysiz, Avaz Oxun hazillarida samimiy ruh ufurib turibdi. Uning
hazili birovni kamsitish hisobiga bizni kuldirmaydi. Hajv ostiga olingan
insonlarning o`zi ham maza qilib kuladi bu gaplarga. Mana buni haqiqiy kulgu
deydilar. Bu Hojiboydan bizga meros qolgan kulgu!
Katta rahmat
Sizga, Avaz Oxun! Odamlarni kuldiradigan mavzu qolmagan. Ularni hozir ,,beldan
past” va reallikdan uzoq hazillar bilan kuldirish mumkin deb o`zini oqlab
yurgan chala qiziqchilarning nohaqligini isbotlaganingiz uchun KATTA RAHMAT!
Katta rahmat
Sizga, Avaz Oxun! Ota-onam bilan, singillarim bilan birga o`tirib tomosha
qilish mumkin bo`lgan konsert berganingiz uchun KATTA RAHMAT!
Katta rahmat
Sizga, Avaz Oxun! Tag ma`nosi tubanlikka yetaklovchi, oila davrasida eshitish
imkonsiz bo`lgan hazillarni o`zingizga ep ko`rmayotganliginigiz uchun KATTA
RAHMAT!
Katta rahmat
Sizga, Avaz Oxun! Hojiboy Tojiboyevni xalqqa qaytarganingiz uchun KATTA RAHMAT!
Maqolalarda
odatda yechim bo`ladi. Bugungi yechim esa juda oddiy: Ijoddan to`xtamang! Doimo
sog` va omon bo`ling, Avaz Oxun!
Комментариев нет:
Отправить комментарий