среда, 3 февраля 2016 г.

O`zini va o`zgalarni o`zgartirgan Deyl Karnegi




XX asrning eng muvaffaqqiyatli shaxslaridan biri. Uning kitoblari insonlar uchun o`ziga xos hayot darsligiga aylanib ketgan. Inson psixologiyasini qunt bilan o`rgangan Karnegining eng ustun tarafi hayot haqiqatlarini oddiy va sodda qilib tushuntirib bera olganidir. Bugungi maqolamiz orqali Deyl Karnegi shaxsi bilan yanada yaqinroq tanishib olasiz degan umiddamiz.
Karnegi 1922-yilda muhim bir ishga qo`l urgan. Keyinchalik o`zini mashhur magnat Endryu Karnegi bilan adashtirmasliklari uchun o`z familiyasini o`zgartiradi. Shundan beri hujjatlarda Carnagey ning o`rnini Carnegie egalladi.
Amerika jamiyatshunoslarining 50-yillardagi tadqiqoti qiziq xulosa beradi. Odamlar tishlarining oqligiga jiddiy e`tibor bera boshlaydi. O`sha davr Amerika hayotining muhim bir qismiga aylangan TABASSUM buning sababchisi edi. Amerikaliklarning tabassum qilishga bunchalik mukkasidan ketishi esa Deyl Karnegiga borib taqaladi. ,, U hech qancha turmaydi, ko`p narsaga qodir emas. U hadya qilingan odam boy bo`ladi, hadya qilgan odam esa kambag`allashib qolmaydi. Uning davomi bir lahza, ammo xotiramizda abadiyga qoladi. Uni sotib olish, so`rab olish, qarzga olish, o`g`irlab olish behuda. Chunki u chin dildan taqdim etilgandagina qadrli”. Yozuvchi TABASSUM shunday go`zal ta`rif bergan. O`z asarlarida ham shunga undagan.
Deylning rafiqasi Dorotini chinakam hammaslak desak arziydi. U ham xo`jayini kabi psixoloiya masalalariga bag`ishlangan ko`plab kitoblar muallifidir. Ulardan birining nomini o`qib xulosa qilavering: ,,Qanday qilib erkakning ishda muvaffaqqiyatga erishishiga yordam berish mumkin?”. Karnegi xonim mazkur savolga javobni topa olgani aniq!
Yozuvchi o`z yurtoshlariga shu maslahatni bergan: ,,Qiyin vaziyatda cho`ntagingizdan Linkolьn portretini oling va uni tomosha qiling!”. Gap shundaki, Avraam Linkolnning tasviri 5 dollarlik kupyurada uchraydi. Pulga tikilish, uni sanash insonga kuch bag`ishlashi bor gap.
Deyl Karnegi uzoq kuzatishlardan so`ng shunday xulosaga kelgan: ,,Nutqda uchta narsa muhim: Kim gapiryapti, qanday gapiryapti, nimani gapiryapti. Eng hayratlanarlisi, bularning ichidagi eng kam ahamiyatlisi nimaning gapirilayotganidir!”. Moddiyat ko`p hollarda asosiy o`ringa chiqishi insoniyat psixologiyasiga xos jihat. Afsuski, shunday …
  Karnegidan iqtibos: ,,Tanqid pochtachi kabutarga o`xshaydi. Qachondir albatta qaytib keladi!”. Kimnidir ayovsiz tanqid qilishdan oldin shu fikrni eslab qo`ysak, zarar qilmaydi.
 Karnegi fikricha, inson boshiga tushuvchi ko`plab ko`ngilsizliklarning katta qismi ,,YO`Q” degan so`zni o`z vaqtida aytmaslik tufayli kelib chiqadi.
Deyl Karnegidan aforizm: ,, Tortishuvlarda g`olib chiqishning yagona yo`li bor – tortishuvlardan qochish!”
Deyl Karnegi vatanparvar inson edi. ,, Amerikalik har bir erkak to`rtta sanani yodida saqlashi kerak. Rafiqasining tug`ilgan kuni, to`y kuni, Amerika ochilgan kun, AQSh ning mustaqillik kuni”. Bundan tashqari o`z telefon raqamida 1492 (Amerika kashf etilgan yil) sonlar ketma-ketligi borligidan faxrlanardi.
24-noyabr AQSh da Do`stlar kuni sifatida bayram qilinadi. O`sha kuni kitob do`konlarida Deyl Karnegining kitoblari savdosi avjiga chiqadi. Birinchidan, Karnegi shu sanada tavallud topgan. Ikkinchidan, ,, Qanday qilib do`st orttirish va odamlarga ta`sir o`tkazish” nomli juda mashhur kitobning muallifidir.
Karnegi fikricha nutqni yetti xil usul bilan tugatish mumkin: ma`lum vaziyatga qaytarish, harakatga undash, tinglovchini maqtash, kuldirish, she`riy parcha keltirish, muqaddas kitoblardan misol keltirish, kulminatsiya hosil qilish.
Biz ham shu bilan maqolamizga yakun yasaymiz. Omon bo`ling!!!

https://kun.uz/2016/02/02/mashhurlar-hayotidan-ozini-va-ozgalarni-ozgartirgan-deyl-karnegi/
 
Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!

Комментариев нет:

Отправить комментарий