1964-yili
mashhur fantast-yozuvchi Ayzek Azimov insoniyatni 2014-yilda nimalar kutishi
haqida bashorat qilgandi. Quyida uning 10 ta bashorati va ularning qay darajada
amalga oshgani haqida bilib olishingiz mumkin.
1-bashorat: ,,Avtomatik ovqat” tayyorlovchi, suvni
kofega aylantirib beruvchi oshxona jihozi yaratiladi;
Amalga oshdimi? Insoniyat oziq-ovqat sohasida
yaxshigina rivojlanib ketgani bor gap. Ammo hali Azimov aytgan darajaga yetgani
yo`q. Agarda u aytgan bashorat amalga oshsa, global muammo bo`lib turgan ochlik
masalasi ijobiy hal etilishi mumkin. Oddiy suvni qahvaga aylantirish esa
bugungi kun uchun noreal. Balki yana ellik yildan keyin bu ish avlodlarimizni
umuman ajablantirmas…
2-bashorat: Yarim tayyor holatdagi yeguliklar to
ularni pishirish vaqti kelmaguncha sovutkichlarda turadi;
Amalga oshdimi? HA! Azimovning oziq-ovqat sohasidagi
ikkinchi bashorati to`la-to`kis amalga oshib bo`ldi. Bugun yarim tayyor
ovqatlar shahar hayotining muhim bir qismiga aylanib bo`ldi. Ayniqsa, talabalar
hayotining.
3-bashorat: 2014-yilga kelib, uskunalar elektr
simlarisiz ishlayverishi mumkin;
Amalga oshdimi? Bugun hayotimizdagi aksariyat
uskunalar zaryad bilan ishlash holatiga o`tdi. Demak, yozuvchining bu
bashoratida ham jon bor.
4-bashorat:,,Robo-miyali” mashinalar yaratish ishiga
insoniyat juda katta kuch sarflaydi;
Amalga oshdimi? O`zini-o`zi boshqarish darajasidagi
texnologiyalar bir necha yillardan beri olimlarning e`tiborida. Bu sohaga yirik
sarmoyalar ajratilmoqda va bundan keyin ham shunday bo`lib qolishi ehtimoli
katta.
5-bashorat: Insonlarning diqqatini Yer yuzida
harakatlanuvchi transportlar emas, boshqa turdagi, Yer bilan minimal aloqadagi
transportlar tortadi;
Amalga oshdimi? Olim balki qanaqadir uchar mashina-yu,
,,Kelajakka qaytib” filmidagidek ,,uchar taxtachalar” ni nazarda tutgandir. Bir
narsani aytish mumkin. Bu bashorat amalga oshishi uchun hali vaqt kerak.
Bashorat amalga oshgan taqdirda ham faqat o`ta rivojlangan davlatlar bundan
bahramand bo`lishi turgan gap.
6-bashorat: Shahar markazlarida qisqa masofalarga
harakatlanuvchi trotuarlar paydo bo`ladi;
Amalga oshdimi? Eskalatorsifat texnologiyani yaratish
hozirgi davr uchun cho`t emas. Ammo ehtiyoj bo`lmasa, yaratib nima qilishadi?
Olim aytgan texnologiya biz uchun imkonsiz emas, balki keraksiz ixtirodir. Bu
texnologiyaning o`rnini bosa oluvchi o`nlab muqobil variantlar bor.
7-bashorat: 2014-yilga qadar uchuvchisiz havo kemalari
Marsga yetib borishadi. Shu yilga kelib esa Marsning qanday ko`rinishda
ekanligini bilib olamiz;
Amalga oshdimi? Olim-yozuvchining yana bir haqiqatga
aylangan bashorati. 50 yillik davr haqida bashorat qilingan bir paytda bir-ikki
yilga adashish hech gap emas. Muhimi insoniyat Mars sayyorasini zabt etishga
kirishdi va olim haq!
8-bashorat: 2014-yilda o`tkaziluvchi Butunjahon
ko`rgazmasida balet chiqishlarini namoyish etayotgan to`liq hajmdagi 3D
televizorlar paydo bo`ladi;
Amalga oshdimi? Olim uch o`lchamli texnologiyalar
paydo bo`lish davrini ham deyarli aniq bashorat qilgan.
9-bashorat: 2014-yilda robotlar bor bo`lishi aniq.
Ammo ular juda ko`payib ketishmaydi. Bundan tashqari ular o`sha paytda juda
yaxshi rivojlangan bo`lishiga ham ishonish qiyin;
Amalga
oshdimi? Olimning bu bashoratini amalga oshdi deb hisoblayman. Juda mukammal
robotlar yaratilgan bo`lishi mumkin. Ammo, ular hayotimizdan chuqur joy
olishmadi. Ularning hamma joyda tarqalib ketishi esa yaqin ellik yillikda sodir
bo`lishi mumkin bo`lgan faraz degan bo`lardim.
10-bashorat: Yer atrofida aylanib yuruvchi
yo`ldoshlarimiz insonlarga Yerning istalgan nuqtasiga to`g`ridan-to`g`ri
qo`ng`iroq qilish imkonini beradi;
Amalga oshdimi? SHUNCHAKI HA!
Xulosa
shuki, olim-yozuvchining farazlaridan hammasi ham amalga oshmadi. Lekin 50 yil
keyingi hayotning ba`zi qirralarini oldindan aniq ayta olishning o`zi mushkul.
Fikrimcha, Azimov bashorat qilishda qandaydir ilohiy qobiliyatga tayanmagan. U
ilm-fan odami, texnologik taraqqiyot insoniyatga nimalar berishini oldindan
bilishi bu tabiiy hol. Haqiqat shuki, insoniyat u aytgan yuksalishlardan bir
nechtasiga erishib bo`ldi. Biz uchun qiziq masala endi boshqa: INSONIYATNI 50
YILDAN SO`NG NIMALAR KUTIB TURIBDI?
Yorqin kelajakka ishoning! Omon bo`ling, aziz
o`quvchi!!!
https://kun.uz/2016/01/29/ayzek-azimovning-bashoratlari-amalga-oshdimi/
Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola
boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!
Комментариев нет:
Отправить комментарий