Judayam
qiziqarli o`yin bu. Muvozanat, aql, tezlik kabi bir qancha xususiyatlarni
o`zida jamlagan kishigina bu mini sport turida nimagadir erishishi mumkin.
Dunyo futbolining yulduzlari ham o`yin stoli atrofida ko`rinish berib turadi.
Pele, Zidan, Maradonalarning o`zaro do`stona suhbatiga guvohlik qilgan bu
o`yin. O`yinni kuzataturib, bir narsani payqab qoldim. Stol futboli biz uchun
notanish va noodatiy emas ekan. BUTUN FUTBOLIMIZ STOL FUTBOLINING ENG YORQIN
KO`RINISHI EKAN!!!
O`zbekiston
chempionati o`yinlariga tushgan paytim har doim bir xil manzaraning guvohi
bo`laman. O`yinning boshidan oxirigacha murabbiyning ovozi o`chmaydi. Ha, u
natija uchun javobgar. U g`alaba qozonishni xohlaydi. Lekin zamonaviy futbolga
o`tish vaqti yetib kelmadimikan? Murabbiy o`yinni har bir soniyasida baqirib
ko`rsatma beraverishi to`g`rimikan? Futbolchi to`pni kimga uzatishi, qayerga
tepishi, qanday kuchdagi zarba bilan tepishini ham murabbiy tinmay
uqtiraverishi men uchun juda ham xunuk tuyuladi. Agar har bitta harakat
murabbiyning ko`rsatmasi bilan bo`lar ekan, maydondagi futbolchilar bosh deb
atalgan, yurak deb atalgan tana a`zolarini nega ko`tarib yuribdi? Jahon
futbolining mashhur murabbiylarini o`yin davomida ataylab kuzataman. Ha, ular
orasida ham o`ta emotsional, o`yin davomida joyida o`tira olmaydigan,
baqir-chaqir qiladigan mashhur murabbiylar bor. Ammo, har bitta to`p uzatilishi
ularning gapi bilan amalga oshmaydi. Ular taktik o`zgartirishlarnigina
shogirdlariga uqtirib turadi.
Chapga tep,
O`ngga tep, Falonchiga uzat, Zarba ber kabi ko`rsatmalar futbolimizning
ajralmas qismi, va katta ehtimolki klublarimizning o`ta yuksak aql sohiblari
bo`lgan ko`plab murabbiylarning miyasidagi bor yo`q ko`rsatma va taktikadir!!!
Klublarimizning 70 % i butun boshli mavsumning 90 % uchrashuvini bir xil o`yin
bilan o`tkazganidan keyin qanday xulosa chiqaray? Bizda intriga o`yin
oxirigacha saqlanib qoladi deb, 90 + gollarni misol sifatida ko`rsatayotgan,
janoblar!!! Hatto o`zingiz ham bunga ishonmaysiz. Jismoniy holati bir taymga
yetuvchi ,,SUPERMEN” futbolchilarimiz o`yinning so`nggi o`n daqiqasida aqlni
shoshiradigan darajada to`p surish uchun zaryadni qayerdan olayotganini kim
bilmaydi? Murabbiylar ko`rsatmasi va aqlli taktik yurishlari samarasi emasda bu
axir! Uzr, chalg`ib ketdim…
Jahon
futbolining jozibador bo`lishiga hissa qo`shayotgan jihatlardan biri aynan
erkinlikdir. Murabbiy jamoada qanchalar muhim bo`lmasin, kerakli lahzalarda
futbolchi qanday yo`l tutishini o`ziga qo`yib beradi. Agar murabbiylar har bir
vaziyatni o`ziniki qilishga uringanida bugun Krishtianu Ronaldu ismli dahoning
aqlni shoshiruvchi fintlariga guvohlik qilolmasdik. U taktik jihatdan o`z
vazifasini yaxshi bajaruvchi taniqli futbolchi bo`la olardi nari borsa. Lekin u
BUYUK bo`lolmasdi. Uning ishtirokidagi o`yinlar hozirgidek tomoshabop
bo`lolmasdi. Ser Aleks Fergyusson yigitchadan samarasiz fintlarni
yig`ishtirishni so`raganida hammasi tugardi. Taktik jihatdan judayam kuchli
hisoblanuvchi murabbiy unday qilmagan! Ha, ma`lum chegarani so`ragan bo`lishi
mumkin, ammo ko`mib yubormagan. U futbol atalmish dasturxonda fintlar ajoyib
desert ekanligini yaxshi anglagan. Rahmat, Sizga janob Aleks! Ishonavering,
nostandart harakatlar va chiroyli fintlar (hatto u samarasiz bo`lsa ham)
kamayib boraversa, futbol ham o`laveradi.
Bu erkinlik
Messini ,,o`zga sayyoralik” ka aylantirdi. ,,Barselona” ning o`yin uslubini
qarang. Qisqa paslar, tezda sherigiga to`pni uzatish. Ular o`zlarida to`pni
uzoq ushlab turishmaydi odatda! Lekin Messi bu boshqa masala. U xohlaganicha
to`pni o`zida ushlab turadi, osonlikcha 3-4 futbolchini aldab o`tadi, nima
xohlasa, shuni qiladi. U bugun tengsiz bo`lolmasdi balki, agar Gvardiola uni
o`z ,,tiki-taka” si qolipiga majburlab joylashtirganida. U Messining aqli va
yuragiga ishondi. Bugun esa bu ish qanchalar oqilona bo`lgani o`z isbotini
topib bo`ldi. Pedro nega buyuk bo`lolmadi, buyuk tugul zo`r ham bo`lolmadi?
Unda imkoniyatlar yo`qmidi? U shunchaki taktika quli edi. U yaxshi o`yinchi,
ammo zo`r emas! Telo, Afellay, Munir, Sandro kabilarni ham shu qismat kutadi. Ronalduga
o`xshashni orzu qilgan Nani va Kallexonlar taktik futbol chegarasidan nari
o`tib ketolmadi. Yaxshi o`ynay olishadi, ammo top daraja deyishmaydi buni.
Bugun
taktikadan ustun bo`la olgan ikki daho o`z o`yini va raqobati bilan dunyoni
hayajonga soladi. Futbol tushunchasi bugun shu ikki yigit atrofiga quriladi.
Yangi muxlislarga bitta savol beriladi: Messi yoqadimi yoki Ronaldu? Bu kunlar
kelishiga esa ular yosh paytida murabbiylarning to`g`ri qaror qilganlarini
sabab deb bilaman. Ularning o`z ustida tinmay ishlagani esa keyingi masala.
Uyimizga
qaytamiz! Chempionlik masalasi so`nggi turgacha saqlanib qoladigan oliy
ligamizga qaytamiz! O`yini qishlog`imda to`p tepuvchi yigitlardan sal kuchli
yoki sal kuchsiz bo`lgan futbolchilarimizga qaytamiz! Bizda ERKINLIK,
INTUITSIYA, AQL BILAN O`YNASH degan tushunchalar faqat futbol sohasida faoliyat
yurituvchi gazetalarda uchrasa kerak! Nega? Bizni futbolchilar fint qilishni,
hamma kutgan harakatni emas, balki noodatiy qaror chiqarishni bilishmaydimi?
Ronaldu o`z fintlari bilan lol qilgan bolakay bizning Vatandoshimiz edi-ku! Sabab
juda oddiy: Bizda Gvardiola, Fergyusson kabi murabbiylarning hatto mingdan
biriga teng keladigan murabbiylar ham bitta yoki ikkita! Bolalar murabbiyidan
tortib, kattalar murabbiyigacha hammasining yo`li bir xil: Aytilganini
bajar! Agar futbolchi adashib raqibni
aldab qo`ysa, shu holatda u xato qilsa, tamom!!! So`kish mahoratini maromiga
yetkazgan ,,madaniyatli” murabbiy futbolchining urug`-aymog`ini balchiqqa
bulg`alaydi. Mana shu bitta holat bilan Messi va Ronaldular so`naveradi!!!
Bizda kuchli
terma jamoa bor. Esingizdami, ularga erkinlik berilgan yili Qatar maydonlarida
qanday javlon urishgandi. Biz-ku mayli, hatto futbolchilarning o`zi ham bundan
rohatlanishgandi. Yaponiya bekorga mehmonda taslim etilmagandi. Hayron qolaman,
murabbiylarimiz futbolchilarga na taktik na ruhan yordam berishni-ku
bilishmaydi. Xalal berishlari esa ortiqcha. Ularni majburlab, tep-yugur
taktikasiga undashi, to`pni qanotdan million martalab oshirishdek besamar
taktika quliga aylantirishi NODONLIK dan boshqa narsa emas!!! Shimoliy Koreyaga
qarshi o`yinda ko`zim quvondi. Mana shu edi ERKINLIK! Qanday rang-barang o`yin…
Janob
murabbiylar, mutasaddilar! Qo`ying, qo`lingizagi o`yin tutqichlarini qo`yib
yuboring. Bechoralarning har bir nafasiga xo`jayinlik qilavermang. Ularda YURAK
bor, AQL bor. Abbos Maxstaliyev, Temur Hakimov, Jamshid Iskanderovlarning (bu
ro`yxat shu qadar uzunki… ) safi qachongacha to`laveradi?! Messilarimizni,
Ronaldularimizni O`LDIRMANG! STOL FUTBOLIGA ROZI EMASMIZ!!!
Комментариев нет:
Отправить комментарий