1 . 1614-yilda ,, Lamanchlik Don Kixot” asarining 2-qismi nashr etiladi. Servantes uchun bu voqea ko`ngilsizliklar olib keladi. Chunki asar uning qalamiga mansub emasdi, boshqa yozuvchi mashhurlik va daromad uchun shu ishga qo`l urgandi. Servantes keyinchalik ham bunday hodisalar ko`p sodir bo`lishini payqagan holda 1615-yilda o`z qalamiga mansub bo`lgan asarning ikkinchi qismiga quyidagi so`zlarni yozib qo`yadi: ,,Migel Servantes, 1-qism muallifi”;
2. Odamlar orasida Servantes bilan bog`liq xato bir fikr yuradi: Servantes va Shekspir bir kunda, 1616-yil 23-aprelda hayotdan ko`z yumgan. Aslida unday emas. Ha, ular rostdan ham mamlakatlarida shu sanada vafot etishgan. Lekin, Shekspirning yurti Angliyada bu paytda eski taqvim bo`yicha, Servantesning yurti Ispaniyada esa yangi taqvim bo`yicha hayot kechirishardi. Kelib chiqadiki, ularning vafot etgan kunlari orasida aslida bir necha kun farq bor;
3. Servantesning chap qo`li bilan bog`liq bir necha xil qarashlar bor. Masalan, kimlardir Servantes yoshligida o`g`irlik bilan shug`ullangan, oqibatda uni jazolashgan va chap qo`lini ishlata olmay qolgan deydi. Ammo aniqroq manbalarga quloq tutadigan bo`lsak, Lepanto yonidagi jangda qo`li yararlangan. Nima bo`lgan taqdirda ham bu yo`qotish adabiyot shaydolari uchun yoqimli bo`lgani tayin. Chunki Servantesning ijod bilan shug`ullanishiga aynan chap qo`lini ishlata olmay qolganini sabab qilib ko`rsatishadi;
4. Shekspir aslida yozuvchi bo`lmagan, kimlarningdir asarlari uning nomidan chop etilgan. Tanish gaplar, to`g`rimi? Servantesda ham shunga o`xshash holat. Adib arab tarixchisi Ahmad Inholiyning bitiklarini tasodifan sotib oladi. Undan esa ,,Don Kixot” asari voqealarini topadi… Bu hali holvasi. Eng qizig`i, aslida shunday bo`lganligini Servantesning o`zi asarda tan olgan!!! Nima bo`lgan taqdirda ham endi dunyo bu yangi ma`lumotni ongiga qabul qilolmasligi aniq. ,,Don Kixot” muallifi SERVANTES! Tamom;
5. Toledo o`lkasida adib hayoti va ijodiga bag`ishlangan ikkita muzey bor. Biri Eskivias shahrida joylashgan. Eskiviasda Servantes istiqomat qilgan. Ikkinchi shahar esa aynan Servantes tufayli dunyoga mashhur va u yerdagi muzey shaharga qilingan e`tiborga yarasha javob bo`lsa kerak. Shahar nomi – Toboso. Bu nomni Don Kixotning sevgilisi Dulsineya yashaydigan joy sifatida eshitgansiz, albatta;
6. Mardlikni xush ko`ruvchi, asarlari ham ritsarlik shon-shavkati bilan to`lib-toshgan Servantes shunday degandi: ,,O`q otar qurol – jasur jentelmenning hayotini qo`rqoq va pastkash odamning qo`liga topshirishdir!”;
7. Don Kixotning sevgilisi Dulsineya ham o`z prototipiga ega. Ana de Moralesni hayotdagi Dulsineya deyishadi. Izohlayman. Dulsineya ismini qismlarga bo`lib ko`ramiz: ,,dulce” va ,,Ana”. Ma`nosi ,,shirin Ana”. Gap shundaki, Servantes Anaga xatlar yozib, uni ,,shirinim” deb erkalagan;
8. G`arbiy Yevropada Aleksandr ismi juda ham keng tarqalgan va obro`li ism edi. Ammo Servantesning mashhur asari bunga chek qo`ydi. Uning oddiy, kambag`al, biroz telbaroq qahramoni Sancho Pansani yaxshi bilasiz. Aleksandr ismi Ispaniyada Sancho ko`rinishida bolalarga qo`yilgan. Asar chop etilgach, Aleksandr ismining mavqeyi keskin pasaygan. Axir, kim ham farzandiga kambag`al va telba dehqonning ismini qo`yishni xohlaydi?!;
9. Servantesning bu mashhur asari faqat yaxshilikka xizmat qilmagan. Aslida yozuvchilarning o`ziga bog`liq bo`lmagan, insonning ko`nglini xira qiluvchi jihat bor. ,,Don Kixot” asari eng nashrbop asar hisoblanib, hozirgacha uni nashr etishga ketuvchi qog`ozni ishlab chiqarish uchun millionlab daraxtlar kesib yuborilgan. Ko`pgina joylarda Don Kixot va Sancho Pansaning daraxtni arralayotgan kishilar timsolida gavdalantirilgani bejizga emas;
10. Servantesdan aforizm: U aslida juda ham arzon, lekin uni juda qimmatga baholashadi. Insonlar orasidagi bu tuyg`uning nomi – xushmuomalalikdir!
O`tkinchi dunyoda
bir-birimizdan xushmuomalalikni ayamaylik, azizlar! Keyingi maqolalar orqali
g`oyibona ko`rishguncha!! Omon bo`ling!!!
https://kun.uz/2016/01/28/migel-servantes-haqidagi-10-ta-haqiqat/
Maqola kun.uz
saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt
manzili ko`rsatilishi shart!!!
Комментариев нет:
Отправить комментарий