понедельник, 1 февраля 2016 г.

MASHHURLAR HAYOTIDAN: YUMORGA CHANQOQ ALBERT EYNSHTEYN


Chinakam daho, ilm-fan olamining yetuk vakili bo`lgan Eynshteyn o`zining yumor hissiga chanqoqligi bilan ham ajralib turgan. Bugungi maqolada Eynshteyn hayotida ro`y bergan turli hodisalar va uning dono fikrlari haqida so`z boradi.
,,Yoshligimda oyog`imning bosh barmog`i ertami kechmi paypog`imni teshib chiqishini payqab qoldim. Shu-shu paypoq kiymay qo`ydim”. Ha, xuddi shunday! Butun umr paypoq kiymay yurgani olimning g`alati odatlaridan biridir;
Eynshteyn shunday degandi: ,,Muvafaqqiyat uch qismdan tashkil topadi: omad, o`yin va tilni tiyish!”. Tilni tiyishni maslahat bergan olimning eng mashhur suratida esa u tilini chiqargancha turibdi. Bu surat ilm-fan olamida ham o`ziga xos quvnoqlik borligiga ishora ekanligini olimning o`zi ta`kidlagan. Surat 1951-yil 14-mart (Albertning tug`ilgan kuni) da tushirilgan;
Albert Eynshteyn topishmog`i butun dunyoda mashhurlikka ega. Ajablanarlisi, bu jumboq aynan Eynshteyn tomonidan o`ylab topilgani haqida hech qanday aniq ma`lumot yo`q;
Bir safar Eynshteyn poyezdda ketayotib, qorni ochadi. Vagon-restoranga kirgach, menyuni o`qiy olmaydi, chunki ko`zoynagi o`zida emasligini payqaydi. Ofitsiantga yuzlanib, menyuni o`qib berishni so`raganida esa ajoyib javobdan lol qoladi: ,,Kechirasiz, janob! Men ham Siz kabi savodsizman”;
Atom bombasi keltirib chiqargan oqibatlardan qattiq o`kingan Eynshteyn alam bilan: ,,Agar qilgan bu ishim nima bilan tugashini oldindan bilganimda, yaxshisi soatsoz usta bo`lardim!” – degan ekan. U rostdan ham urushni ko`rarga ko`zi yo`q edi. Uning yana bir fikri bunga isbot bo`la oladi: ,, Insoniyat uchinchi jahon urushi paytida qanday qurollar bilan bir-birini halok etishini bilmadim. Lekin aniq bilaman, 4-Jahon urushida ular toshdan yasalgan bolta va to`qmoqlar bilan jang qiladilar!”. Tinchlikka nima yetsin …
Prinston universitetiga kelgan Eynshteyn o`z kabinetiga katta sig`imga ega axlat chelagi qo`yishlarini iltimos qiladi. ,,Nega?” – deb so`rashadi hayron bo`lib. Olimning javobi esa sodda va lo`nda bo`ladi: ,,Chunki men juda ko`p xato qilaman!”;
Albert Eynshteyndan so`rashibdi: ,,Buyuk fikrlaringizni qanday qilib qayd etib borasiz?”. Eynshteynning javobi quyidagicha: ,,Buyuk fikrlar miyamga ba`zi-ba`zida kelib qoladi, shuning uchun ularni yozib qo`ymasdan ham eslab qolsa bo`ladi”;
Eynshteynning ayolidan eri haqida so`rashibdi: ,, U daho. U hamma narsaga qodir” – ayol bu gapiga shunday qo`shimcha qiladi: ,,pul topishdan boshqa”;
Haligacha odamlar orasida xato bir fikr yuradi. Nima emish, Eynshteyn maktabda yomon o`qiganmish. Bo`lmagan gap! Gap shundaki, 1896-yilda u o`qigan Aarau shahridagi mavjud ta`lim standartlariga ko`ra, 2 bahosi eng yuqori baho edi. Buni noto`g`ri tushungan odamlar esa uni ikkichiga chiqarib qo`yishadi;
Ezma jurnalistlardan biri Eynshteynga odatiy savolni beradi: ,,Agar fizik bo`lmaganingizda qaysi kasbni tanlar edingiz?”. Eynshteyn miyig`ida kulib: ,, Albatta, vodoprovodchi!” – deb javob beradi. Qizig`i, biroz vaqt o`tib AQSh Vodoprovodchilari Kasaba Uyushmasi Eynshteynni ,,Faxriy vodoprovodchi” unvoni bilan taqdirlaydi;
Eynshteyn ma`lum muddat ixtirolarga patent beruvchi idorada ishlagan. O`sha paytda u qiziq bir narsani payqab qoladi. Uning aytishicha, barcha buyuk yangilik va ixtirolar odatda ikki so`zdan iborat jumladan boshlangan ekan: ,,BU IMKONSIZ!”.
Aziz o`quvchi, ishlaringiz yurishmayotgan bo`lsa, hayotda nimadir Siz o`ylagandek amalga oshmayotgan bo`lsa, unda so`nggi voqeani esga oling! ,,BU IMKONSIZ EMAS!!”. Omon bo`ling!!!

https://kun.uz/2016/01/22/mashhurlar-hayotidan-yumorga-chanqoq-albert-eynshteyn/

Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!

Комментариев нет:

Отправить комментарий