понедельник, 1 февраля 2016 г.

MASHHURLAR HAYOTIDAN: AVTOMAGNATLARNI AQLDAN OZDIRAYOZGAN GENRI FORD



            Oddiy oiladan chiqib, nafaqat o‘zining, balki ko‘plab insonlarning taqdirini o‘zgatirib yubora olgan ishbilarmon Genri Ford hayot yo‘li bilan tanishar ekanman, uning aql, ishbilarmonlik, kamtarlik va o‘zgalarga yordam berishdan lazzat tuyish xislatlariga egaligi diqqatimni tortdi. Ford ko‘pchilik boylar kabi xasislik, atrofdagilar bilan munosabatlarni faqat manfaat asosida qurishdek illatlardan ancha uzoqda edi. Mazkur maqola orqali Fordning hikmatli fiklari va uning hayotida yuz bergan ajoyib voqealardan bir nechtasi bilan tanishtirishga harakat qilamiz!
           
Floridada sayohat qilib yurgan Ford qimmatbaho mashinasini yurgiza olmayotgan erkakka duch keladi. Ford ozgina harakat qilib, mashinani yurgizib beradi. Quvonib ketgan erkak o‘z xaloskoriga 10 dollar uzatadi. Ford pulga muhtojlik joyi yo‘qligini aytib, uni rad etadi. Erkak unga shunday deydi: ,,Uzr, men Siz minib yurgan ,,Ford” mashinasiga qarab, Sizni u qadar boy emassiz deb o‘ylagandim!”. O‘sha paytlarda ,,Ford” eng arzon mashina hisoblanardi. Kamtarlikni xush ko‘ruvchi avtomagnat esa bundan sira uyalmagan;
            Genri Ford bir safar shunday hazillashgan: ,, Judayam qiziq. Menga ishchilarimning faqatgina ikkita qo‘li kerak. Lekin men doim qo‘lga qo‘shib, ularning butun boshli tanasini ham ishga olaman”;
            Genri Fordning bir kamchiligi bor edi. U ma'lum muddat yahudiylarga qarshi siyosatga xayrixohlik bildirgan. O‘sha paytlarda Uilyam Foks ismli shaxs qiziq bir usul bilan uni bu yo‘ldan qaytarishga urinadi. ,, Janob Ford, bu yo‘ldan qayting! Aks holda, jurnalimizning har bitta sonini avariyaga uchragan ,,Ford” avtomobillarining suratlari ,,bezaydi”. Kamiga avariyaga sabab avtomobillarning terilishdagi kamchiliklari deb izoh beramiz!”;
            Genri Ford endigina mashinalar ishlab chiqara boshlagan vaqtlarda shunday degandi: ,,Odamlardan nima xohlaysiz, deb so‘rasam, yanayam tezroq yuguruvchi ot deyishlari aniq”. Ford konservativ ruh egasi bo‘lgan, otlarni qulayroq deb biluvchi millionlab insonlarning qarashlarini o‘zgartira oldi;
            Fordning zavodida Gerni Bennet ismli shaxs ishlardi. U ishchilar tipratikanga o‘xshab ketuvchi qo‘lqoplarni kiyishini nazorat qilib turardi. Bir safar jurnalistlar Bennetga savol berishadi: ,,Agar Ford Sizdan ertaga osmondagi Quyoshni olib tashlashni buyursa, nima qilasiz?”. Bennetning javobi quyidagicha: ,, Ha, bu biroz murakkab. Lekin agar Ford shu buyruqni bersa, ertaga hamma ishchilar qora ko‘zoynak taqib kelishadi”;
            Mashhur rejissor Frensis Ford Koppola Genri Ford tomonidan asos solingan shifoxonada dunyoga kelgan. Buning alomatlarini uning ismida ham ko‘rish mumkin;
            Detroytdagi zavodda Ford davrida ham, uning vorislari davrida ham boshliq uchun alohida xizmat xonasi bo‘lmagan. Buning o‘ziga yarasha sababi bor , albatta. Xona bo‘lmagandan keyin, Ford bir joyda o‘tirmasdi. Istalgan joyda, istalgan vaqtda paydo bo‘lib qolishi mumkin edi. Boshliqning to‘satdan paydo bo‘lish ehtimoli borligini anglagan ishchilar esa doimo bor kuchi bilan ishlashda davom etishardi;
            Yuqoridagi ayyorlik Ford tomonidan ishlatilgan uddaburon choralardan bittasi xolos. Ish vaqtida turli xil ko‘zbo‘yamachiliklar yuz bermasligi uchun Ford hatto xojatxonalarga ham e'tibor qaratgan. Ford zavodidagi unitazlarining o‘tirish qiyaligi juda noqulay bo‘lib, shu noqulaylik ishchilar bu yerda uzoq qolib ketmasligini kafolatlardi;
            Yana bir usul esa Fordning o‘ta aqlli inson ekanligini isbotlaydi. U yangi ishchilarga har doim bir vazifani topshirardi: Ko‘cha tarafdagi oynalarni bir necha kun davomida artish. Maqsad esa ajoyib! Bu ishni qilayotgan ishchi tashqarida ishsiz yurgan nochor odamlarni ko‘rardi. Shundan so‘ng ishsiz qolishdan qo‘rqib, astoydil ishlashga kirishardi;
            1914-yilda Genri Fordning qilgan qarori boshqa avtomagnatlarni salkam aqldan ozdirgandi: Ford o‘z ishchilarining maoshini ikki barobarga ko‘taradi. Uning qilgan qarori qanchalik oqilona bo‘lgani ko‘p o‘tmay ayon bo‘ldi. Gap shundaki,  biroz vaqt o‘tib puli ko‘payib qolgan ishchilarning mashina sotib olishga qurbi yetardi. Sotib olganda ham tabiiyki ,,Ford” mashinasini xarid qilishardi. Bu esa katta pul aylanmasiga ega bo‘lish degani edi;
            Ford o‘z mashinalarini konveyer usulida ishlab chiqargan. Bu juda samarali usul bo‘lib, har kim alohida vazifa bajarar, ish to‘xtab qolmasdi. Shu bilan bog‘liq bir afsona bor. Aytishlaricha, Ford bir safar qassobxonaga boribdi. Lahm go‘shtga birinchi qassob, son go‘shtiga ikkinchi qassob, qovurg‘a go‘shtiga uchinchi qassob javob berar, ular ishni juda tez amalga oshirishardi. Fordning miyasiga ajoyib fikr keladi va shu ko‘rinishdagi ishlab chiqarishni amalga tadbiq etadi;
            Genri Ford zavodining darvozalariga osilgan mashhur fikrni Yevropadagi ko‘plab yo‘llarda ham o‘qish mumkin: ,,Haydovchi! Unutma, Xudo insonlarni ehtiyot qismlarisiz yaratgan!

            Sekinroq shoshiling, aziz o`quvchi! Omon bo`ling!!!

             https://kun.uz/2016/01/26/mashhurlar-hayotidan-avtomagnatlarni-aqldan-ozdirayozgan-genri-ford/

Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!

Комментариев нет:

Отправить комментарий