понедельник, 1 февраля 2016 г.

MARK TVEN HAYOTIDAN IBRATLI VA QIZIQARLI VOQEALAR


Mashhur adibning hayoti ibratli va qiziqarli voqealarga boy. Uning aforizmlari va betakror gaplari ham darrov diqqatni torta oladi. Quyida Mark Tven bilan bog`liq bir qancha qiziqarli yangiliklardan bahramand bo`lasiz, degan umiddamiz.
Mark Tven yangi qurilgan magistraldan o`tayotib, quyidagini yozuvni o`qiydi: ,,Bu yo`ldan Mark Tven o`tgan. Yo`ldan o`tish narxi - 10 sent!”. Tven xo`jayinga yuzlanib, bu yo`l endigina qurilganini, bu yerdan biron marta o`tmaganligini aytadi. Ertasi kuni e`lon o`zgaradi:  ,,Hozirgina mashhur yozuvchi Mark Tven bu yo`ldan o`ta olmadi! Siz esa o`tish uchun endi 25 sent to`laysiz! Bu haqida Mark Tvenning yangi romanida o`qing!”.  Yozuvchi xo`jayinga o`z g`azabini namoyon qilgach, e`lon yana almashtiriladi: ,,Hattoki mashhur Mark Tven bu yangi yo`lning ko`rkamligini ta`riflashga so`z topa olmayapti! Endi Siz yo`ldan o`tish uchun 50 sent to`laysiz!!! “;
Mark Tven chaqaloq paytida uning egizagi tog`orada cho`miltirilayotgan paytda cho`kib, vafot etadi. Tvenning bu holatga ta`rifi esa biroz noodatiy: ,,Shunday qilib, haligacha kim cho`kib o`lganini hech kim bilmaydi: menmi yoki egizagim?!”;
Mark Tven gazetada muharrir bo`lib ishlagan. Bir safar unga pochta orqali o`quvchilardan birining xati, uning ichida esa xarob ahvoldagi she`r chiqadi.  She`rning nomi ham ajoyib ,,Men nega tirikman?”.  Mark Tven chala shoirga xat yuboradi: ,,Xatni shaxsan o`zingiz olib kelmaganligingiz tufayli tiriksiz!”;
Mark Tvenni Yangi yil kuni mehmonga taklif qilishadi. Oilaning ajoyib odati bor edi. O`sha kuni tayyorlanuvchi chuchvaralardan birining ichidan tugma yoki tanga chiqar, uni topgan odamga baxt va omad kuladi deyishardi. ,,Janob Tven, taomni kim bilandir yeyish maroqli, agar xohlasangiz kimnidir taklif qilishingiz mumkin. Xo`sh, kimni taklif qilasiz?” – deydi mezbon. Tven yuqoridagi odatni esdan chiqarmagan holda javob beradi: ,,Janob, Rentgenni, albatta!”;
Mark Tven bir tanishiga murojaat qiladi: ,,Yotoqdan joy olishim bilan krovat tagida kimdir bordek tuyulaveradi. Krovat tagiga kiraman, shunda krovat ustida kimdir bordek tuyuladi. Dahshat! Bu ketishda aqldan ozaman!”. Tvenning tanishi esa oqilona maslahat berib, do`stini bu holatdan qutqaradi: ,,Krovatingning oyoqlarini arralab tashla!”;
Mark Tven o`zi ishlaydigan gazetada bir chayqovchi haqida maqola chiqaradi. Maqolani shunday yakunlaydi: ,,Bu odam hattoki yuziga tupurishimizga ham arzimaydi!”. Jahl otiga mingan chayqovchi raddiya talab qiladi. Tven esa kelasi sonda quyidagi so`zlardan iborat raddiyani chop ettiradi: ,,Bu odam yuziga tupurishimizga arziydi!”;
Mark Tven yakshanba kungi diniy va`zni tinglab bo`lgach, ruhoniyning oldiga kelib, shunday debdi: ,,Sizning bugungi va`zingiz ajoyib bo`ldi. Lekin menga juda ham tanish tuyuldi. Nazarimda, va`zingizning har bitta so`zini uyimning tokchasida turgan kitobdan ko`chirib olgansiz!”. Ruhoniy tutoqib ketgancha, undan isbot talab qila boshlabdi. Mark Tven esa uyiga borib, tokchada turgan o`sha kitobini ruhoniyga jo`natishini aytadi. Bir nech kun o`tib, ruhoniyga Mark Tven yuborgan lug`at kitobi keladi;
Mark Tven yong`in chiqqanda saqlab qolinishi kerak bo`lgan 27 narsaning ro`yxatini erinmasdan tuzib chiqadi. Birinchi navbatda xotinni qutqarish kerakligi uqtiriladi. Hazilkash Tvenday o`ylab, 27-o`rindagini topib ko`ring-chi! Javob: QAYNONA…
,,Odamlar uchun eng xavfli joy qayer?”  - deyilsa, turli notinch davlatlar-u, ekstremal hududlarni esga olamiz.  Mark Tven fikri esa quyidagicha: ,,Dunyodagi eng xavfli, eng ko`p inson halok bo`luvchi joy bu – yotoqdir! “. Haqiqatdan ham ko`pchilik o`z ajali bilan, o`z yotog`ida jon beradi…
Mark Tvenga anonim xat keladi. Unda faqatgina ,,Cho`chqa” – deb yozilgandi. Mark Tven ertasi kuni gazetada chiqish qiladi: ,,Avvallari imzosiz xatlar olardim, kecha menga xatsiz imzo keldi!”;
Mark Tven bir xonimga tushlik stoli tomon kuzatib ketayotganda unga xushomad qilibdi: ,,Siz juda ham maftunkorsiz!”. Ayol unga javob qilibdi: ,,Afsuski men Siz haqingizda bunday deya olmayman!”. Tvenning keyingi gapi xonimni xursand qilmagani aniq: ,,Nimasi qiyin? Siz ham menga o`xshab yolg`on gapiravering!”;
Mark Tven fikricha ayol uchun qilinuvchi eng omadli, shu bilan birgalikda eng so`nggi xushomad bu turmush qurish haqidagi taklifdir;
Mark Tvenning quyidagi aforizmi haqiqatdan-da ajoyib: ,,Inson shunday yashashi kerakki, u o`lganida hatto go`rkov ham qabr ustida ko`z yosh to`ksin!”;
Aziz o`quvchi, vaqti kelganida har qanday odam havas qiluvchi hayot yo`lini bosib o`tish nasib qilsin, iloyim! Keyingi maqolalar orqali g`oyibona uchrashguncha! Omon bo`ling!!!

https://kun.uz/2016/01/21/mark-tven-hayotidan-ibratli-va-qiziqarli-voqealar/

Maqola kun.uz saytida e`lon qilingan. Maqola boshqa nashrda chop etilgan taqdirda sayt manzili ko`rsatilishi shart!!!

Комментариев нет:

Отправить комментарий